O‘zbekistonda yer-suv resurslarini boshqarish masalalariga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
UBSda “O‘zbekistonda yer-suv resurslarini boshqarish: tarixiy tajriba, huquqiy islohotlar va kelajak strategiyalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur tadbirda respublikamizning yetakchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar hamda soha mutaxassislari faol ishtirok etdi.
Anjuman davomida yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, ularni muhofaza qilish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar va ularning amaliy natijalari yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur anjumanda Toshkent Davlat Tibbiyot Universiteti 1-son Gistologiya va tibbiy biologiya kafedrasi katta o‘qituvchisi, PhD Xudoyberdiyeva Ma’rifat Osimjonovna “Suv va tuproq resurslarini boshqarishda biologik yondashuvlarning zamonaviy tendensiyalari” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Ma’ruzada biologik yondashuvlarning samaradorligi, ekologik xavfsizlikni ta’minlashdagi o‘rni hamda innovatsion yechimlar alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida mutaxassislar tomonidan ilgari surilgan ilmiy xulosalar va amaliy takliflar sohaning kelgusi rivoji uchun muhim strategik yo‘nalishlar sifatida qayd etildi. Ushbu anjuman ilm-fan va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, shuningdek, yer-suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.


